Bektemir tumani “Oltintopgan” mahallasi aholisi uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega yana bir loyiha amalga oshirildi. Mahalla markazida zamonaviy bolalar oʻyingohi hamda “Olimpiya umidlari” sport maydonchalari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman rahbariyati, mahalla ahli, faollar va nuroniylar ishtirok etib, mazkur majmuaning hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdagi oʻrni alohida taʼkidladilar.
Yangi majmua bolalar oʻyingohi, futbol va basketbol maydonchalari, sport bilan shugʻullanish uchun vorkaut zonasi, aholi dam olishi uchun oʻrindiqlar, piyodalar yoʻlaklari hamda yugurish yoʻlaklarini oʻz ichiga oladi. Mazkur infratuzilma mahalla aholisiga qulay va zamonaviy sharoitlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur loyiha hududda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.