Sirdaryoda “SevSirdaryo.uz” innovatsion platformasi ishga tushirildi

Endi har bir fuqaro oʻz mahallasi, koʻchasi yoki yashash joyidagi muammolar, masalan, yoʻl, yoritish, obodonlashtirish, kommunal xizmatlar bilan bogʻliq yoki boshqa masalalarni onlayn tarzda yuborishi mumkin.

Sirdaryo viloyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining muammolariga tezkor va shaffof yechim topish maqsadida “SevSirdaryo.uz” innovatsion platformasi ishga tushirildi.

“Endilikda har bir murojaat ochiq, har bir ijro xalq nazorati ostida boʻladi”, dedi Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov.

“SevSirdaryo.uz” — bu oddiy sayt yoki platforma emas. Bu xalq va davlat oʻrtasidagi ochiq muloqot, masʼuliyat va ishonchga asoslangan zamonaviy raqamli koʻprikdir, deyiladi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabarida.

Endi har bir fuqaro oʻz mahallasi, koʻchasi yoki yashash joyidagi muammolar, masalan, yoʻl, yoritish, obodonlashtirish, kommunal xizmatlar bilan bogʻliq yoki boshqa masalalarni onlayn tarzda yuborishi mumkin. Barcha murojaatlar belgilangan ijrochilarga yoʻnaltiriladi va ularning ijrosi ochiq hamda shaffof tarzda nazorat qilinadi.