Har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkaziladi

Joriy yilning 25-mart kuni Prezidentning “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF–46-son Farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkazib boriladi. Bunda:

• mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi;

• ushbu sanalar ish kunlariga toʻgʻri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

2026-yil 1-avgustdan “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

2026-yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishi taʼminlanadi.

2026-yil 1-apreldan chang boʻronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etish boshlanadi.