Namangan davlat texnika universiteti tashabbusi bilan yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarimizga hurmatni mustahkamlash hamda anʼanalarimizni keng targʻib etishga qaratilgan “Milliy parad” loyihasi yuksak saviyada tashkil etildi. Parad davomida 1000 nafardan ortiq talaba-yoshlar milliy liboslarda oliy taʼlim muassasasi hududidan “Afsonalar vodiysi” maskanigacha tantanali yurish qilib, milliy liboslarimizning betakror jozibasini keng jamoatchilikka namoyish etdilar. Paradning mantiqiy davomi sifatida “Afsonalar vodiysi” bogʻi hududida “Oʻzbegim yoshlari” sayli qizgʻin tus oldi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
— Bugungi kunda milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish har qachongidan ham muhim, — deydi NamDTU rektori, professor Oybek Ergashev. — Biz bunday tashabbuslar orqali nafaqat tariximizni ulugʻlaymiz, balki, kelajak avlodni yuksak anʼanalarga sadoqat ruhda tarbiyalashga xizmat qilamiz. Yigit-qizlarimizning milliy liboslarimizga boʻlgan mehri, hurmatini koʻrib, kelajagimiz yanada porloq ekaniga ishonchi ortadi kishining.
Koʻp sonli talabalarni yagona maqsad yoʻlida jamlagan sayl Yangi Namangan tumani madaniyat boʻlimi xonandalari tomonidan ijro etilgan milliylik va yoshlikni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar bilan ishtirokchilarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.