Polsha Respublikasining Koshalin shahri hokimi Tomash Soberay boshchiligidagi delegatsiya ishchi tashrif bilan Namanganga keldi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Boltiq dengizi yaqinida, Polshaning shimoli-gʻarbida joylashgan Koshalin 800-yillikdan ziyod tarixi, madaniyati bilan bir qatorda zamonaviy industriyasi, geografik joylashuvi, dengizga yaqin turistik hudud, sanoat va taʼlim markazi sifatida mamlakatning salohiyatli shaharlaridan biri hisoblanadi. Shaharda yogʻochni qayta ishlash, mebel ishlab chiqarish, oziq-ovqat, mashinasozlik sanoatlari rivojlangan.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, Tomash Soberay va Namangan viloyati hokimi Sh. Abdurazzoqovning samimiy ruhda boʻlib oʻtgan muloqotlarida Namangan va Koshalin shaharlarining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy hayoti haqida oʻzaro maʼlumotlar berilib, ikki shahar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonlar Namanganda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro “Gullar festivali”, viloyatning iqtisodiy va turizm salohiyati va boshqa oʻziga xos mehmondoʻstlik anʼanalaridan namoyish etilgan videolavhalar orqali viloyat haqida katta taassurotga ega boʻldilar va hozirda taraddud qizgʻin ketayotgan 65-xalqaro “Gullar festivali” sayyohlar bilan kelish istagini bildirdilar.
— Namanganda, ayniqsa, sanoat va turizm sohalari jadal rivojlanib borayotgani diqqatga sazovor, — deydi Tomash Soberay. — Ayrim korxonalar faoliyati bilan tanishish asnosida Oʻzbekistonda tadbirkorlik, xorijiy investorlar bilan ishlash, qulay biznes muhiti yaratilishiga katta eʼtibor qaratilayotganligiga ishonch hosil qildik. Biz kichik va oʻrta biznes vakillarimiz bilan Namanganga hamda sohil hududlariga biznes missiya tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Metallurgiya, shisha ishlab chiqarish va don mahsulotlari, tibbiyot yoʻnalishlarida hamkorlik qilish istagimiz bor.
Chust tumanida boʻlgan polshalik mehmonlar eʼtiborini bu hududda asrlar mobaynida avloddan-avlodga oʻtib, bugungi kunda zamonaviy ruhda yanada rivojlanib borayotgan milliy hunarmandchilik anʼanalari oʻziga jalb qildi. Shuningdek, mehmonlar tumandagi “Megaton”, “Ifoda” hamda “Chust Textile” singari bir qator sanoat korxonalarida amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqarish jarayonlari hamda erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib bordilar.