Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar zamonaviy kasblarga oʻqitiladi

“Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–117-son, 27.03.2026-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, jazoni oʻtayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishga qaratilgan “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida 2026-yil 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027-yil 1-martdan respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy raqamli kasblarga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

— oʻquv kurslari 8–12 oylik intensiv oʻquv dasturlari asosida jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladi;

— oʻquv kurslariga ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan va ogʻir jinoyatlarni sodir etgan jazoni oʻtayotgan yoshlar jalb qilinadi;

— oʻquv kurslariga jalb qilinganlar xorijiy tillarni (ingliz, rus, xitoy va boshqalar) oʻrganish boʻyicha yagona intensiv dasturlar asosida ham oʻqitiladi;

— oʻquv kurslari yakuni boʻyicha tegishli dasturlarni oʻzlashtirgan jazoni oʻtayotgan yoshlarga elektron shakldagi sertifikatlar beriladi.