Xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bagʻrikenglik kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayitini munosib nishonlash, ushbu qutlugʻ ayyomda aholini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
I. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondining muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) quyidagi toifadagi bemorlarning tibbiy tekshiruvdan oʻtish, jarrohlik amaliyoti va davolash xarajatlarini qoplash:
(i) ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolalarda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish;
(ii) 2,3 ming nafar onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qoʻyilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish;
(iii) kamida 350 nafar bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini oʻtkazish;
(b) ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini oʻtkazish:
(i) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar (vasiylik, homiylik va patronatdagi bolalar);
(ii) Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, kichik hajmli bolalar uylari hamda “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari;
(iii) Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan ota-onalarning farzandlari;
(iv) “Taskin Childrenʼs Hospice” bolalar onkologik shifoxonasida davolanayotgan bolalar;
(v) 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ularda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash hamda joylardagi qabristonlarni obod qilish.
2. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, jarrohlik va davolash amaliyoti Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilaydigan tibbiyot tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
(a) bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, jarrohlik va davolash amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlar doirasida donorlarning xarajatlarini qoplash koʻzda tutiladi;
(b) tibbiyot tashkilotlari tomonidan davolash tadbirlari tasdiqlangan standartlar hamda klinik protokollar asosida oʻtkazilishi ustidan nazorat Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlar davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratiladigan 690 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobidan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi.
4. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda keng jamoatchilik vakillarining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda ushbu maqsadlarda koʻngilli xayriya hasharlarini oʻtkazish;
(b) ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlarini yozish hamda ziyoratgohlar va diniy taʼlim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini tashkil etish.
II. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
5. Muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlarini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari raisligida hududiy kengashlar (keyingi oʻrinlarda – hududiy kengashlar) tashkil etilsin va ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Quyidagilar hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) aholini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mehr-saxovat va xayr-ehson tadbirlarining manzilli amalga oshirilishini taʼminlash hamda ushbu yoʻnalishda vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari va tuman (shahar) hokimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
(b) yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, masjidlar va qabristonlarni obod qilish va aholida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom koʻrsatish tuygʻularini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;
(v) mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti xarajatlarini qoplash quyidagi tartibda moliyalashtiriladi:
(a) tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti oʻtkaziladigan kasalliklar roʻyxati Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi;
(b) bemorlarni tegishli tibbiyot tashkilotiga yoʻllash va davolash Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ bilan birgalikda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot moduliga kiritish orqali amalga oshiriladi;
(v) tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti oʻtkazilgan bemorlarga koʻrsatilgan xizmatlar xarajatlarini qoplash Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnomaga asosan ushbu maʼlumotnoma taqdim etilgan vaqtdan eʼtiboran besh ish kuni ichida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi PQ–67-son qarori doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan kasalliklar va tibbiyot tashkilotlari roʻyxatiga muvofiq davolanish yoki jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash huquqi berilsin.
9. Din ishlari boʻyicha qoʻmita Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan Qurbon hayitini munosib nishonlash bilan bogʻliq xayru saxovat va muruvvat tadbirlarining mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil qilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha departamentining boshligʻi M.M. Kamilov hamda sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov belgilansin.
12. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev