Toshkent shahrining Chilonzor tumanida HOWO rusumli yuk mashinasi velosipedchini urib ketdi. Bu haqda poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, kecha, 15-fevral kuni soat 18:00 larda Chilonzor tumani TXAY-Chorbogʻ koʻchalari kesishgan chorrahasida yuz bergan. HOWO rusumli yuk avtomobili oʻzi bilan bir yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan 22 yoshli shaxs boshqaruvidagi velosiped bilan toʻqnashishi oqibatida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
YTH tufayli velosiped haydovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.