Fargʻona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan sanoat zonasida “ERMAK-ALO” MCHJ tasarrufidagi mevalarni qayta ishlash korxonasi ish boshladi.
Yangi korxonaning ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat faollari, tadbirkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash oʻrinliki, mazkur korxonada umumiy qiymati ikki million dollarga teng boʻlgan istiqbolli loyiha doirasida 100 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi. Jahon andozalari darajasida faoliyat olib boruvchi korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orqali ichki bozor ehtiyojini toʻldirish, shu bilan birga, eksport qilish ham rejalashtirilmoqda.
Oʻz navbatida yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmini ikki million dollarga yetkazish va yaqin istiqbolda eksport hajmini salmoqli darajada oshirish maqsad qilingan.
— Korxonamizda ish jarayoni xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari hamda innovatsiya usullaridan foydalangan holda tashkil etiladi, — deydi loyiha tashabbuskori, tadbirkor Valijon Salihov. — Shu bois mahsulotlarimiz allaqachon brendga aylanib, yurtimizda va jahon bozorida oʻz xaridorlariga ega boʻlgan.
Ayni paytda tarmoq korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar dunyoning 15 ga yaqin mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Koreyada kompaniyaning savdo ofislari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Ezgu maqsadga koʻra, yurtimiz hududlari boʻylab istiqbolli loyihalar ham faol amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda tarmoq korxonalarida 800 dan ortiq yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratilgan.