Buxoroda oltin quymasini 17 ming dollarga sotgan shaxslar ushlandi

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 209 mln soʻmlik oltin quymasini noqonuniy sotgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Shofirkon tumanida yashovchi, 25 va 21 yoshli ikki nafar fuqaro sof ogʻirligi 110 gramm boʻlgan nostandart shakldagi oltin quymasini 17 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu qimmatbaho metallni qotishma shaklida yasab bergan, 25 yoshli shaxsning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganida qimmatbaho metallni eritishga moʻljallangan uskunalar, prekursorlar hamda kislorod va suyultirilgan gaz ballonlari borligi aniqlangan.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu oltin quymasining bahosi 209 mln 757 ming soʻmni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.