Guliston davlat universitetida Ozarbayjonshunoslik auditoriyasi ochildi

Guliston davlat universitetida Ozarbayjon xalq shoiri Samad Vurgʻun nomidagi Ozarbayjonshunoslik auditoriyasi ochildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Mazkur auditoriya Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi va Guliston davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi. Ushbu maʼrifat maskanining ochilishi Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik va madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

Ozarboyjonshunoslik auditoriyasining ochilish marosimida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi rahbari Akif Marifli, Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalq artisti Gulyanaq Mammadova, shuningdek “Kazim-Nidjat” folklor-etnografik ansambli xonandasi Fexri Kazim-Nidjat ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar oʻzbek va ozarbayjon xalqlarini tarixiy ildizlar, mushtarak madaniyat va mustahkam doʻstlik rishtalari bogʻlab turishini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Ular yangi ochilgan auditoriya talabalarga Ozarbayjon adabiyoti, sanʼati va madaniyatini chuqurroq oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini bildirdi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi rahbari Akif Marifli Guliston davlat universiteti talaba-yoshlarini markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish, markaz qoshida tashkil etilgan muzeyga tashrif buyurishga taklif qildi.

Tadbir yakunida mazkur auditoriya doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, ilmiy-maʼrifiy uchrashuvlar, adabiy kechalar hamda madaniy tadbirlar oʻtkaziladigan muhim maskan boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.