Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda gidrotoʻplash inshootlari barpo etiladi. Energetika sohasidagi mazkur yangi loyihaning ishlash mexanizmi gidroelektr stansiyalaridan farqli ravishda suvni yuqori havzada ushlab turib, uni qayta aylantirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Gidrotoʻplash elektr stansiyasining afzalligi shundaki, u sutkaning elektr energiyasiga talab pasaygan paytida tizimdagi elektrni oʻziga qabul qilib, elektrga ehtiyoj ortgan tigʻiz paytda tizimga qayta yetkazib beradi. Buning natijasida avariyalarning oldi olinib, taʼminotda barqarorlikka erishiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining 2025-yilgi asosiy natijalari va yangi istiqbolli loyihalar” mavzusidagi matbuot anjumanida shu haqda maʼlumot berildi.
Jamiyat boshqaruvi raisi oʻrinbosari Farrux Nurullayevning aytishicha, respublikamizda toʻrtta gidrotoʻplash inshooti loyihalari ustida ish boshlangan. Yaʼni ayni paytda xorijlik hamkorlar va investorlar bilan muzokaralar olib borilyapti. 2026-yil yakuniga qadar shartnomalar imzolanib, kelgusi yilda dastlabki inshootning qurilishiga kirishiladi. Uning loyihaviy quvvati 600 megavattga teng boʻlib, 2031-yilda toʻliq foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Ana shunday istiqbolli loyihalarni tayyorlashda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimida tashkil etilgan “loyihalar fabrikasi”ning faoliyati qoʻl kelayotgani alohida taʼkidlandi. Hozirgi paytda umumiy quvvati 3,2 gigavatt boʻlgan 50 ga yaqin loyiha ustida tashkiliy-amaliy ishlar olib borilayotgan boʻlib, ularning hayotga tatbiq qilinishi mamlakat mavjud gidrosalohiyatidan unumli foydalanish imkonini beradi.
Mutaxassislarning aytishicha, yurtimizda energetika tizimini izchil rivojlantirishga qaratilgan islohotlar jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalari foydalanishga alohida ahamiyat berilmoqda. Natijada 2017-yildan buyon 64 ta yangi obyekt foydalanishga topshirilib, gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan oshdi. Oʻz navbatida, ishlab chiqarish quvvatlari 800 megavattga oshirilib, umumiy quvvat 2 400 megavattga yetkazildi. Buning hisobiga 2025-yil yakunlari boʻyicha 6,5 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
— 2026-yilda esa elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 15 foizga oshirish, 264 mln. dollarlik investitsiyalarni oʻzlashtirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 935 mlrd. soʻmga yetkazish rejalashtirilgan, — deydi jamiyat boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Azimjon Ahmadjonov. — Shu maqsadda joriy yil davomida umumiy quvvati 152 megavatt boʻlgan 15 ta yangi ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Yana bir muhim yoʻnalish gidroenergetika sohasida mahalliylashtirish darajasini oshirishdir. Boʻstonliq tumanida gidroagregatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “UzHydroPower” qoʻshma korxonasi ishga tushirilgani bu boradagi muhim qadam boʻldi. Bu yerda qisqa vaqt ichida quvvati 1 kVtdan 40 MVtgacha boʻlgan gidroagregat va zaruriy ehtiyot qismlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
Anjumanda, shuningdek, suv omborlari va gidroenergetika obyektlarida raqamlashtirish va avtomatlashtirish, suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkonini beradigan yangi innovatsion loyihalar haqida ham maʼlumotlar berildi.