JSST Markaziy Osiyo davlatlarini jazirama issiqdan ogohlantirdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) Markaziy Osiyoda ekstremal issiqlik xavfi kuchayib borayotganidan ogohlantirdi.

Tashkilot maʼlumotiga koʻra, mintaqaning ayrim hududlarida havo harorati allaqachon 40 darajadan yuqori koʻtarilgan. Shu bilan birga, Yevropada kuzatilgan rekord issiqlikdan keyin Portugaliya va Ispaniya janubida 43 darajagacha issiq boʻlishi, Fransiya hamda Benilyuks mamlakatlarida esa yangi issiqlik toʻlqini kuzatilishi kutilmoqda.

Shu munosabati bilan JSSTning Yevropa boʻyicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari, Yevropa komissiyasi hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokida favqulodda yigʻilish oʻtkazdi. Uning taʼkidlashicha, ekstremal issiqlik endilikda oddiy ob-havo hodisasi emas, balki jamoat salomatligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholanmoqda.

Tashkilot bayonotida qayd etilishicha, ekstremal issiqlikka qarshi milliy harakat rejalari ishlab chiqilgan davlatlar aholini samaraliroq himoya qilishga erishmoqda. Xususan, Italiyaning 45 shahrida issiqlik oqibatlarini tezkor baholaydigan monitoring tizimi joriy etilgan. Ispaniya, Avstriya va Fransiya ham aholini himoya qilish hamda sogʻliqni saqlash tizimiga tushadigan yuklamani kamaytirish boʻyicha qator choralarni amalga oshirmoqda.

JSST maʼlumotiga koʻra, Yevropa va Markaziy Osiyoni oʻz ichiga olgan 53 davlatning yarmidan kami ekstremal issiqlikka qarshi milliy rejalarga ega. Tashkilot davlatlarni issiqlik toʻlqinlariga tayyorgarlikni kuchaytirishga chaqirib, aholini muhofaza qilish boʻyicha tavsiyalar tarqatish va milliy dasturlarni takomillashtirish uchun texnik yordam koʻrsatishni davom ettirishini bildirdi.