Markaziy osiyo mutaxassislari Toshkentda tajriba almashmoqda

Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo suv xoʻjaligida iqlim oʻzgarishi sharoitida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etish” mavzusida uch kunlik mintaqaviy trening boshlandi.

Trening Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan, Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi va Blue Peace Central Asia (BPCA) loyihasi doirasida, Suvchilar maktabi ishtirokida tashkil etilmoqda.

Unda Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan suv xoʻjaligi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ular orasida vazirlik va idoralar, havza va suv xoʻjaligi tashkilotlari, ilmiy-taʼlim muassasalari vakillari, irrigatsiya va melioratsiya sohasi mutaxassislari, shuningdek, yosh kadrlar bor.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Zokir Ishpulatov ochib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan soʻnggi yillarda suv xoʻjaligi sohasini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, sohaning zamonaviy normativ-huquqiy bazasi shakllantirilgani va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyilganini alohida aytib oʻtdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5

Tadbir ochilishida Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining suv resurslari, infratuzilmalar va iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha mintaqaviy mutaxassisi Ashanti Bleyx, Suvchilar maktabi direktori Farhod Saidov, Blue Peace Central Asia loyihasi rahbari oʻrinbosari Nazokat Isayeva va boshqalar soʻzga chiqdi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xoʻjaligi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, oʻzaro tajriba almashishni kengaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va sohani raqamlashtirish boʻyicha amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Oʻzbekistonda amaliyotga tatbiq etilayotgan ilgʻor yechimlar bilan tanishtirishdan iborat.

Treningning amaliy mashgʻulotlarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari, suv tejovchi egatlab sugʻorish usullari hamda tuproq ostidan sugʻorish texnologiyalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ishtirokchilar ushbu texnologiyalarning afzalliklari bilan birga, ularni toʻgʻri tanlash, loyihalash, oʻrnatish, ishlatish va texnik xizmat koʻrsatish jarayonlari boʻyicha ham amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻladilar.

Dastur doirasida ishtirokchilar Suvchilar maktabining suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha tajriba-namoyish maydonchasida amaliy mashgʻulot oʻtkazdilar. Bu yerda ular iqlimga moslashuvchan qishloq xoʻjaligida meteostansiyalardan foydalanish, meteorologik maʼlumotlar asosida sugʻorish rejimlarini belgilash hamda suvni ekin talabidan kelib chiqqan holda boshqarish usullari bilan tanishdilar.

Uch kunlik oʻquv dasturi yakuniy test sinovlari, egallangan bilim va koʻnikmalarni baholash hamda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirish bilan yakunlanadi.

Mintaqaviy trening suv tejamkorligi, raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga moslashuv yoʻnalishlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi kasbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.