Hurmatli anjuman iştirokçilari!
Muhtaram mehmonlar!
Sizlarni azim Toşkent şahrida Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumining oçilişi bilan çin qalbimdan tabriklayman.
Asrlar davomida bir mintaqada yaşab kelayotgan Markaziy Osiyo xalqlari bugungi kunda yanada hamjihat bölib, köplab dolzarb muammolarni birgalikda hal etayotgani barçamizni albatta xursand qiladi.
Bu haqda söz yuritganda, mamlakatlarimiz örtasida özaro işonç, yaxşi qöşniçilik va amaliy şeriklik muhiti mustahkamlanib, mintaqamiz jahon miqyosida kuçli mavqega ega bölib borayotganini taʼkidlaş lozim.
Bu borada taʼlim böyiça hamkorlik ğoyat muhim ekani, davlatlarimizning kelgusi taraqqiyoti şu sohadagi intiliş va islohotlarimiz samarasiga boğliqligini barçamiz yaxşi tuşunamiz.
Tabiiyki, biz taʼlim yönalişida ham buyuk alloma va mutafakkirlarimiz merosiga tayanamiz. Bunday boy maʼrifiy anʼanalarni bugungi texnologik davr talablari bilan uyğunlaştiriş böyiça katta imkoniyatlarga egamiz.
Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga ösişi prognoz qilinmoqda. Bu mintaqamiz jadal rivojlanayotgan va yuksak istiqbolli hududlardan biriga aylanib borayotganidan dalolatdir.
Heç şubhasiz, qariyb 85 million aholi istiqomat qilayotgan mintaqamizning bebaho boyligi bu – bilimga çanqoq, katta orzu-intilişlar bilan yaşayotgan yoş avlodimizdir. Ana şu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuçga aylantirişda eng samarali yöl – sifatli, zamonaviy taʼlim va tarbiyadir.
Qadrli forum qatnaşçilari!
Biz Yangi Özbekistonda taʼlim sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining ustuvor yönalişiga aylantirganimiz albatta bejiz emas.
Şu maqsad yölida sarflangan har bir söm mablağni biz yoşlarimiz kelajagiga, jamiyatimiz farovonligi va mamlakatimizning uzoq muddatli raqobatdoşligini taʼminlaşga kiritilgan sarmoya, deb bilamiz.
Yaqinda alohida Farmon qabul qilib, maktabgaça va maktab taʼlimi, kasbiy va oliy taʼlim hamda ilm-fan boşqaruvini yagona tizimga birlaştirdik. Şu tariqa boşlanğiç bilim va tarbiya olişdan yetuk mutaxassis va olim bölib şakllaniş davrigaça bölgan maʼrifiy bosqiçlarning uzviy boğliqligini taʼminlaşni maqsad qilganmiz.
Endi yurtimizdagi har bir bola, qayerda yaşaşidan qatʼi nazar, sifatli taʼlim olişi, isteʼdod va qobiliyatini röyobga çiqarişi, hayotda öz örnini topişi uçun munosib şaroitlar yaratiladi.
Bugungi kunda zamon şiddat bilan özgarayotgani tufayli kelgusi ön yilda köplab kasb-hunarlarga munosabat özgaradi, mutlaqo yangi ixtisoslik va mutaxassisliklar paydo böladi.
Şunday ekan, taʼlim tizimi faqat tayyor bilim beriş bilan çeklanmasdan, yoşlarda mustaqil fikrlaş, ijod qiliş, masʼuliyatni his etiş va butun umr davomida yangilikka intilib, örganib yaşaş könikmalarini ham şakllantirişi zarur.
Buning uçun öqituvçi va murabbiylarning rolini oşiriş, taʼlimning maʼno-mazmunini yangilaş, yoşlarni mehnat bozorida talab katta bölgan kasb-hunarlarga yönaltiriş, maktab, texnikum, universitet va işlab çiqariş örtasida hamkorlikni mustahkamlaşga ustuvor eʼtibor qaratamiz.
Ayniqsa, qizlar, qişloq va çekka hududlardagi bolalar, alohida taʼlimga ehtiyoji bölgan yoşlar uçun imkoniyatlarni kengaytirişga adolatli va inklyuziv jamiyat barpo etişning muhim şarti deb qaraymiz.
Sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy muhandislik yönalişlarini rivojlantiriş, universitetlarni ilmiy ixtiro va işlanmalar markaziga aylantiriş, yoş tadqiqotçilarni qöllab-quvvatlaş ham muhim vazifamizdir.
Albatta, global muammolarga yakka holda yeçim topiş qiyin.
Suv va energetika xavfsizligi, iqlim özgarişi, mehnat bozoridagi texnologik özgarişlar bilim va imkoniyatlarimizni birlaştirişni talab etadi.
Şu bois universitetlar örtasida hamkorlikni kengaytiriş, qöşma taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni köpaytiriş, talaba va olimlar almaşinuvini qöllab-quvvatlaşga alohida ahamiyat berişimiz kerak.
Bizning bu sohadagi strategik maqsadimiz – Markaziy Osiyoni özaro işonç va döstlik diyoriga, ilm-maʼrifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar birlaşgan umumiy intellektual makonga aylantirişdir.
Uşbu anjumanda ana şu ezgu maqsadga xizmat qiladigan köplab yangi ğoyalar, amaliy taklif va taşabbuslar ilgari suriladi, deb işonaman.
Sizlarni yana bir marta samimiy qutlab, barçangizga sihat-salomatlik, şarafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, Forum işiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Şavkat Mirziyoyev,
Özbekiston Respublikasi Prezidenti