Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlandi: tabiatga 500 mln soʻmdan ortiq zarar yetkazildi

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Reyd davomida “Farovon” mahallasi hududida huquqbuzarlar Sh. J. va S. X. tomonidan “Shoʻroʻzak” kanalidan taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq yordamida noqonuniy ravishda 46 dona baliq ovlangani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqiy baho berilgunga qadar noqonuniy ovlangan baliqlar va ov qurollari, jumladan rezina qayiq, bir juft eshkak, akkumulyator, nasos va elektr qarmoq ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

    Ushbu harakatlar natijasida “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 519,1 mln soʻmga baholandi.

    Toʻplangan materiallar voqeaga huquqiy baho berish va tegishli choralar koʻrish uchun Sirdaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.