Toshkentda YHXB inspektorini urib yuborgan haydovchiga hukm oʻqildi

Toshkent shahrida Yoʻl-patrul xizmati xodimini urib yuborgan haydovchiga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda “Millar” koʻrsatuvida lavha namoyish etildi.

Hodisa 2024-yilning may oyida Chilonzor tumanidagi Lutfiy koʻchasida sodir boʻlgan. Inspektor X. Sh. BYD Han avtomobiliga eʼtibor qaratib, uni toʻxtatish haqida ishora bergan.

Mashinani haydovchilik guvohnomasi va transportni boshqarish huquqiga ega boʻlmagan 24 yoshli O. A. boshqarib ketayotgan boʻlgan. U huquq-tartibot idorasi xodimining talablariga boʻysunmay, X. Sh.ni urib yuborgan.

Inspektor ikkala son suyagining sinishi va boshqa jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. U sakkiz kun jonlantirish boʻlimida yotgan, 34 kundan keyin esa hushiga kelgan.

Jabrlanuvchi olti oy davomida yotib davolangan va bir yildan soʻng yana ish faoliyatini boshlagan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi O. A.ni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b“ bandi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) va 219-moddasi 2-qismi (hukumat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan aybdor deb topdi.

U 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Dastlabki hibsda saqlangan muddati va axloq tuzatish ishlarining oʻtalgan qismi inobatga olinib, yakuniy jazo muddati 5 yil 2 oy-u 9 kun etib belgilandi.