Shu tariqa ipakchilar shahrining “Yuksalish” MFYda ish boshlagan “Marmed” klinikasida aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatish uchun jahon andozalari darajasida qulayliklar muhayyo etildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Yangi shifo maskanida 30 ga yaqin yoʻnalishda tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda tibbiyot muassasasi xorijdan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
—Bu yerda zamonaviy yondashuvlar asosida bemorlarga ambulator va statsionar tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud,—deydi loyiha tashabbuskori Isomiddin Nizomov.—Buning samarasi sifatida 100 nafar tibbiy va texnik xodimlar uchun yangi ish oʻrini yaratishga muvaffaq boʻldik.
Ayni paytda muassasada 22 nafar oliy toifali shifokorlar hamda 40 nafardan ziyod oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyat koʻrsatmoqda. Bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida klinika hududida zamonaviy loyiha asosida dorixona ham barpo etildi.
Aytish joiz, ezgu tashabbus doirasida yangi klinika faoliyati orqali nafaqat Margʻilon shahri aholisi, balki Fargʻona viloyatining chegaradosh hududlarida yashovchi hamyurtlarimiz hamda qoʻshni respublikalardagi qardoshlarimizga ham yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsad qilingan. Bu viloyatda tibbiyot turizmi rivojida yana bir muhim omil boʻlishi eʼtiborga molik.
Shuningdek, yaqin istiqbolda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sayyor xizmatlarni yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilmoqda.