Pastdargʻom tumanida noqonuniy dori vositalari yoʻq qilindi

Majburiy ijro byurosi Pastdargʻom tuman boʻlimi tomonidan sud hujjatlari ijrosini taʼminlash doirasida noqonuniy va sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yoʻq qilish ishlari amalga oshirildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Jami 13 ta sud hujjatlariga asosan, 38 turdan ziyod hamda umumiy qiymati 113,4 million soʻmdan ortiq boʻlgan sifati kafolatlanmagan dori-darmon vositalari, jinoyat ishi boʻyicha ashyoviy dalil sifatida eʼtirof etilgan ashyolar va boshqa tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda yoʻq qilish belgilangan edi.

Mazkur hujjatlarning ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli ijro harakatlari tashkil etildi. Jarayon keng jamoatchilik vakillari, mutasaddi tashkilotlar hamda holislar ishtirokida oʻtkazilib, noqonuniy dori vositalari belgilangan tartibda yoʻq qilindi.