Qibray tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan muqaddam sudlangan fuqaro M.M.ning “BYD Chazor” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida avtomashina yoʻlovchisi fuqaro U.M. qora rangli polietilen paketni koʻchaga tashlab yuborgan vaqtda ushlangan. Tashlab yuborilgan ushbu paketdan 12 dona yelim idish va “zakladka” yoʻli bilan sotish maqsadida olib kelingan 28 dona oq rangli idishda kuchli taʼsir qiluvchi vositalar topilgan. Shuningdek, avto transport vositasining old oʻrindigʻidan 3 dona dori vositasi, 3 dona mobil telefon va 9 dona bank plastik kartalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.