Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ikki nafar tezkor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqida» Xavfsizlik» Telegram-kanali xabar berdi.
Unda aytilishicha, DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda shaxsiy boylik orttirishni rejalashtirgan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ikki nafar tezkor xodimi qoʻlga olingan.
Maʼlum boʻlishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv boʻlimi katta tezkor vakili Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor vakili bilan kelishgan holda, Olmazor tumanida yashovchi, 1982-yilda tugʻilgan fuqaroning yonidan 3 gr “gashish” moddasi topilganligi holati yuzasidan oʻzining ish yurituvida boʻlgan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari doirasida gumondorni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2 ming 200 AQSH dollari talab qilib, muqaddam ming AQSH dollari olgan.
Shundan soʻng, ushbu xodim qolgan 1 ming 200 AQSH dollarini oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Jinoyat qidiruv boʻlimi katta tezkor vakili ham protsessual tartibda qoʻlga olingan.
Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur katta tezkor vakillarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.