Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida aliment boʻyicha qarzdor shaxslarning roʻyxatlari mahalla Telegram-guruhlariga tarqatilayotgani, shuningdek ularning fotosuratlari mahalla binolari va masjid hududlariga ilib qoʻyilayotgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili munosabat bildirdi.
Ombudsmanning maʼlum qilishicha, bu amaliyot inson huquqlariga zid hisoblanadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi qatʼiy belgilangan. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 7 moddasiga koʻra, jazo va boshqa huquqiy taʼsir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini koʻzlamaydi”, — deyiladi munosabatda.
Shuningdek, aliment toʻlash ota-onaning qonuniy majburiyati va bolaning daxlsiz huquqi ekani, bolaning taʼminot olish huquqi davlat himoyasida boʻlib, uni taʼminlash boʻyicha choralar qonun doirasida qatʼiy ekani taʼkidlangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili qarzdorlarni ommaviy ravishda obroʻsizlantirish, shaxsiy maʼlumotlarini tarqatish yoki fotosuratlarini jamoat joylariga ilib qoʻyish kabi amaliyotlar huquqiy davlat tamoyillariga mos kelmaydi va inson qadrini kamsitishga olib kelishini qoʻshimcha qilgan.