Toshkent shahri Uchtepa tumani prokurori yordamchisining noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yilning sentyabr oyiga qadar Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi lavozimida ishlagan, hozirda Uchtepa tumani prokurori yordamchisi boʻlgan mansabdor shaxs xizmat mavqeidan foydalangan holda, yakka tartibdagi tadbirkorga Shayxontohur tumanida joylashgan 2 ta uyning yertoʻla qismidagi noturar maydonlarni ijaraga olib berganini roʻkach qilib, undan 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Ushbu mansabdor shaxs DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 15 ming AQSH dollarini oʻziga tegishli avtomashinada olib, hodisa joyidan qochishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur prokuror yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.