Fargʻonada bolalar ommaviy zaharlangani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Fargʻona shahridagi davlat bogʻchalarida bolalar zaharlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 21-fevral kuni Fargʻona shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga koʻra, shahardagi 58, 2 va 61-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tana harorati koʻtarilishi, qorinda ogʻriq, ich oʻtishi belgilari bilan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Hozirda mazkur vaziyat Fargʻona viloyati prokuraturasi, viloyat IIB hamda boshqa mutasaddi idoralarning masʻullari tomonidan toʻliq oʻrganilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257¹-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlangan. Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.