Fargʻona viloyatida chegara hududidan kesib oʻtuvchi ariqdan aksiz markasiz tamaki mahsulotini olib oʻtgan shaxs ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Rishton tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro A.J. 2 ming 480 quti “Oris Change” nomli aksiz markasiz tamaki mahsulotini “Qalaynov” MFY hududidagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi chegara qismini kesib oʻtuvchi ariqdan Oʻzbekiston hududiga olib oʻtgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.