Jizzaxda “Energosavdo” filiali xodimi pora bilan ushlandi

Jizzax shahrida elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanganlik holatini rasmiylashtirmaslikni vaʼda qilgan muhandis ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarma xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Aniqlanishicha, “Energosavdo” filiali Jizzax shahar boʻlimi xodimi E.M. “S.M.” oilaviy korxonasining ishlab chiqarish sexida elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanganligi holati boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga korxona rahbaridan 10 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.