Xovosda “Yashil ferma” parrandachilik kompleksi qurilishi boshlandi

Xovos tumanida “Yashil ferma” parrandachilik kompleksi qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Vengriyaning OTP Bank Group, “Yashil Ferma” FE LLC rahbariyati, shuningdek viloyat va tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Mazkur loyiha Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan yirik parrandachilik klasteri doirasidagi muhim investitsion tashabbuslardan biri hisoblanadi. Uning umumiy qiymati 165 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha toʻliq quvvat bilan ishga tushirilgandan soʻng 500 nafardan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.

Kompleksning yillik quvvati 16 million bosh parrandani tashkil etadi. Shuningdek, yiliga 28 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Loyiha doirasida quvvati 62,5 ming tonna boʻlgan zamonaviy parranda ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi ham barpo etiladi.

Klaster doirasida Xovos, Boyovut va Mirzaobod tumanlarida hamda Yangiyer shahrida zamonaviy parrandachilik komplekslari barpo etiladi. Bu esa hududda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.