Endi 10-sinf oʻquvchilari oʻqishini texnikumlarga koʻchirishi mumkin boʻladi

Muhokamalar portaliga “Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻqishini koʻchirish yoki qayta tiklash, umumiy oʻrta taʼlim maktablarning 10-sinf oʻquvchilarini texnikumlarga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Mazkur loyihaga koʻra, maktablarning 10-sinf oʻquvchilarini texnikumlarga oʻqishini koʻchirish faqat joriy oʻquv yilida boshlangʻich kasbiy taʼlim dasturlari asosida maktablarning 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan kunduzgi taʼlim shakliga ruxsat berilishi belgilangan.

Maʼlumot uchun, oʻqishini koʻchirish boʻyicha arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish Davlat xizmatlari markazi, YIDXP yoki maxsus platforma orqali qishki taʼtil davrida 28-dekabrdan 17-yanvargacha amalga oshiriladi.

Talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • oʻquvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasidagi JSHSHIR;
  • voyaga yetmagani sababli tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi maʼlumotlari.

Mazkur Nizom qoidalari nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.

Quyidagi hollarda 10-sinf oʻquvchilarining oʻqishini texnikumlarga koʻchirish taqiqlanadi:

  • texnikumlarda joriy etilgan xalqaro va qoʻshma taʼlim dasturlariga;
  • dual taʼlim dasturlariga;
  • semestr (kurs) yakuni boʻyicha fan (modul)lar farqini oʻzlashtirish muddati ikki oydan ortiq boʻlgan taqdirda;
  • texnikumlarda amalga oshirilayotgan oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlariga.