Surxondaryoda tuman ekologiya boʻlimi boshligʻi pora bilan qoʻlga tushdi

Surxondaryoda tuman ekologiya boʻlimi boshligʻi pora bilan ushlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi boʻlimi boshligʻi mahalliy MCHJ hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari tegishli ruxsatnoma olmasdan, oʻzboshimchalik bilan kesilganligi holati boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib koʻrsatish maqsadida oʻzgartirib berish evaziga 500 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.

Shundan soʻng, mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda unga shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.