Bogʻcha va maktablarning boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bogʻcha tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.
Unda aytilishicha, 2026-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi imtiyozlar joriy etiladi:
a) bogʻcha va maktablarning (maxsus bogʻcha, maktab va maktab-internetlardan tashqari) boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quyidagi qoʻshimcha imtiyoz va shartlarda bogʻcha tashkil etishga ruxsat beriladi:
- ijara toʻlovlari 30-yil muddat davomida undirilmaydi va ushbu muddat tugagandan soʻng mazkur bogʻcha davlat balansiga topshiriladi;
- har bir bola davlat bogʻchalarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddat davomida subsidiya beriladi. Bunda mazkur imtiyoz qamrov darajasi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)larda 2024-yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat bogʻchalarga ham tatbiq etiladi;
b) ushbu tuman (shahar)lardagi bogʻcha va maktablarining boʻsh yer maydonlaridan boshqa joylarda quvvati 150 oʻrindan kam boʻlmagan nodavlat bogʻchalarni tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlariga:
- 7-yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 5 milliard soʻmgacha kredit mablagʻlari bogʻchani 18 oygacha boʻlgan muddatda qurish sharti bilan beriladi;
- yer uchastkalari belgilangan tartibda auksion orqali ajratiladi. Bunda hokimliklar tomonidan, har yili 1-aprelga qadar yer uchastkalari roʻyxati eʼlon qilib boriladi;
- nodavlat bogʻcha faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan soʻng tarbiyachilarga oylik ish haqi toʻlash xarajatlari davlat bogʻchalaridagi tarbiyachilar uchun belgilangan miqdorda uch yil davomida elektron davomat asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Maʼlumot uchun, “b” banddagi imtiyozlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.