Toshkent davlat agrar universitetida “Uch avlod uchrashuvi” madaniy-maʼrifiy tadbiri tashkil etildi

Tadbirda Oʻzbekiston Qahramoni, senator, “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika boshqaruvi raisi S. Turdiyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni, senator Sh. Ayupov, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, magistrlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mehmonlar dastlab universitetning sanʼat galereyasi hamda “Ona siymosi” koʻrgazmasi bilan tanishdilar. Tadbirni Toshkent davlat agrar universiteti rektori N. Oblomuradov ochib berdi. “Uch avlod uchrashuvi” yoshlarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishi, Vatanga sadoqat va ilm-maʼrifatga boʻlgan qiziqishini oshirishda xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Qahramonlari oʻzlarining hayotiy yoʻllari, ilmiy-izlanishlari, Yangi Oʻzbekiston sharoitida yoshlarga berilayotgan keng koʻlamli imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish naqadar muhimligi haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar. Ular oʻz nutqlarida universitet yoshlari Yangi Oʻzbekistonda yoshlar ilmli, maʼrifatli boʻlib kamol topishlari uchun yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan holda, yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotganini alohida taʼkidladilar. Maʼruzalar davomida yoshlar qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar. Nuroniy ustozlar va iqtidorli yoshlarning fikrlari tadbirga yanada mazmun bagʻishladi.

Tadbir yakunida universitet rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Qahramonlariga universitet tarixi va bugungi kundagi faoliyatiga bagʻishlangan “Zamin bilan tutash taqdirlar” kitobi taqdim etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan universitet yoshlari uchun kitoblar taqdim etildi.