Qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish boʻyicha yangi qaror qabul qilindi

Oʻzbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishni ragʻbatlantirish maqsadida Prezidentning “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–47-son qarori qabul qilindi. Hujjat suv taʼminoti cheklangan sharoitda agrar sohada samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish va zamonaviy hisobga olish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

Qarorga muvofiq, 2027-yildan boshlab suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari va subsidiyalar miqdori sugʻoriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Xususan, suv bilan barqaror taʼminlanmagan hududlarda joylashgan yerlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilsa, ajratiladigan subsidiyalar 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent asosida hisoblanadi. Aksincha, suv bilan barqaror taʼminlangan hududlarda bunday texnologiyalar joriy qilinmagan hollarda suvdan foydalanish soligʻi ikki barobar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

Yangi tartibga koʻra, 2027-yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suv kirish nuqtalariga, shuningdek baliqchilik xoʻjaliklari tashkil etilgan yer uchastkalarining suv kirish va chiqish joylariga tadbirkorlar oʻz mablagʻlari hisobidan “aqlli” suv oʻlchash va hisoblash vositalarini oʻrnatishi majburiy boʻladi. Bunday qurilmalar oʻrnatilmagan taqdirda ham suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi ikki barobar miqdorda hisoblanadi.

Qaror bilan yana bir muhim yangilik — suv tejovchi texnologiyalar uskunalarini ishlab chiqarish va joriy etishda raqamli nazorat tizimlarini joriy qilishdir. 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab taʼminotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan nasos hamda filtr qurilmalari maxsus QR-kodli yorliq bilan ishlab chiqarilishi, shuningdek ularga sunʼiy yoʻldosh kuzatuv tizimi — GPS treker oʻrnatilishi belgilandi. Shu sanadan eʼtiboran suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va meʼyorlar asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini jalb qilmasdan, oʻz mablagʻlari hisobidan joriy etadigan tashabbuskorlar uchun subsidiya ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Unga koʻra, loyiha tashabbuskori belgilangan minimal talablar asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va taʼminotchi korxona bilan shartnoma tuzadi. Mazkur hujjatlar asosida hisoblangan subsidiyaning 50 foizi Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan oldindan ajratiladi. Texnologiyalar toʻliq oʻrnatilib, foydalanishga topshirilgandan keyin subsidiyaning qolgan 50 foizi ham toʻlab beriladi. Agar dastlabki mablagʻ ajratilganidan soʻng ikki oy ichida texnologiyalar ishga tushirilmasa, berilgan subsidiya belgilangan tartibda qaytariladi.

Mazkur qaror suv resurslarini hisobga olishni raqamlashtirish, tejamkor texnologiyalarni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish va agrar ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirishga qaratilgan kompleks mexanizmlarni belgilab berdi.