Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyati joriy etilishiga oid Qonun maʼqullandi

Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda.

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi muqobil bank xizmatlarini joriy etish zarurati yuzaga kelayotgani taʼkidlab oʻtildi. Shundan kelib chiqib, mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning oʻzida ham anʼanaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo boʻladi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatimizda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.