Saida Mirziyoyeva Abu-Dabidagi global forumda nutq soʻzladi

Mirziyoyeva oiladagi muhit va oʻzaro hurmat jamiyat barqarorligining asosi ekanini taʼkidlab, agar oilada zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilsa, insoniy birodarlik haqida soʻz yuritish mumkin emasligini taʼkidladi.

Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti hayʼati aʼzosi, Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BAA poytaxti Abu-Dabida boʻlib oʻtgan mukofot forumida nutq soʻzladi. U insoniy birodarlikni mustahkamlashda ayollar yetakchiligining oʻrni katta ekanini taʼkidlab, bu jarayonda oilaviy zoʻravonlikka mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmasligini qayd etdi.


3-fevral kuni Abu-Dabida boshlangan forumda mukofot hayʼati aʼzolari, xalqaro miqyosda obroʻ-eʼtiborga ega jamoat arboblari va inflyuyenserlar ishtirok etdi. Bu yilgi muhokamalar jamiyatda barqarorlik va oʻzaro uygʻunlikni taʼminlashda oilalar va ijtimoiy guruhlar, ayollar yetakchiligi hamda gumanitar faollik masalalariga bagʻishlandi. Mukofot egalari 4-fevral — Xalqaro inson birodarligi kunida eʼlon qilinadi.


Saida Mirziyoyeva oʻz nutqida insoniy birodarlik shior yoki mavhum tushuncha emas, balki amaliy tanlov ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, xotin-qizlar yetakchiligi koʻp hollarda rasmiy lavozimlardan ancha oldin — oila, maktab, mahalla va shifoxonada shakllanadi. Bu yetakchilik turi mojarolarni kuchaytirish emas, balki ularning oldini olish, ishonch va barqarorlikni saqlashga qaratilgan boʻladi.

Mirziyoyeva oiladagi muhit va oʻzaro hurmat jamiyat barqarorligining asosi ekanini taʼkidlab, agar oilada zoʻravonlikka yoʻl qoʻyilsa, insoniy birodarlik haqida soʻz yuritish mumkin emasligini taʼkidladi. Uning fikricha, bu sohada samarali natijaga erishish uchun amaliy ishlaydigan qonunlar, xalqchil va adolatli sudlar hamda inson huquqlarini izchil himoya qiluvchi institutlar zarur.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Oʻzbekistonda ayollarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki izchil oshirilayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, bugun mamlakat parlamentida ayollar qariyb 40 foizni tashkil etadi. Biroq ijro hokimiyatida ham tenglikni taʼminlash doimiy milliy ustuvor vazifa boʻlib qoladi.

Eslatib oʻtamiz, Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti 2019-yilda BAA asoschisi Shayx Zayd bin Sulton Ol Nahayon sharafiga taʼsis etilgan. Mukofot har yili 4-fevral – Xalqaro inson birodarligi kunida topshiriladi. Laureatlarga 1 mln AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi.