Ayrim davlat axborot tizimlaridan kamida 15 million Oʻzbekiston fuqarosining shaxsiy maʼlumotlari tarqalgani va Dark Web'ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Kiberxavfsizlik markazi mazkur holat yuzasidan birlamchi maʼlumot berdi.
Unga koʻra, hozirda mazkur holat boʻyicha oʻrganishlar olib borilmoqda va holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etiladi.
Ayrim manbalar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari Milliy statistika qoʻmitasining census.stat.uz saytidagi xatoliklar sabab tarqalib ketganini daʼvo qildi. Shundan soʻng, Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining rasmiy sahifasi bu boʻyicha munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2026-yilning 15-31-yanvar kunlari onlayn shaklda oʻtkazilgan Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonida toʻplangan barcha maʼlumotlar alohida serverlarda shifrlangan holda xavfsiz saqlanmoqda.
“Fuqarolarning roʻyxatga olish bilan bogʻliq shaxsiy maʼlumotlari himoyalangan boʻlib, ularning xavfsizligi boʻyicha hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Taʼkidlanishicha, roʻyxatga olish jarayonida hech bir fuqaroga tegishli fotosurat olinmagan va maʼlumotlar bazasiga rasm yuklanmagan.
“Maʼlumotlar milliy axborot xavfsizligi talablariga muvofiq qatʼiy muhofaza ostida saqlanmoqda va tashqi manbalar orqali sizib chiqishi ehtimoli mavjud emas”, deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.