“Istiqlol” stadioni Xitoy kompaniyasi tomonidan rekonstruksiya qilinadi

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 42 million dollarni tashkil etadi hamda yangilangan stadionda tom tizimining tuzilishi stadionni toʻliq qoplashi aytilmoqda.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Istiqlol” stadionini rekonstruksiya qilish va kengaytirish boʻyicha loyiha yuzasidan Xitoyning “China State Construction Engineering Corporation” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Xususan, Fargʻona shahrida joylashgan “Istiqlol” stadionini rekonstruksiya qilish va kengaytirish boʻyicha loyiha taklifi muhokama qilingan.

Muloqot chogʻida mamlakatimizda, jumladan, Fargʻona viloyatida ham futbolni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlangan. Markaziy stadionni eng zamonaviy talablar va jahon standartlariga mos holda barpo etish, uni yirik futbol majmualaridan biriga aylantirish maqsad qilingani qayd etilgan.

“Viloyat hokimi taqdim etilgan takliflar bilan tanishib, loyihalarni yanada takomillashtirish va hamkorlikda ishlarni davom ettirishga kelishildi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Qoʻshimcha qilinishicha, ushbu loyihaning umumiy qiymati 42 million dollarni tashkil etadi. Yangilangan stadionda tom tizimining tuzilishi stadionni toʻliq qoplashi aytilmoqda.

Xalq soʻzi” manbasiga koʻra, yangilangan stadion 40 mingdan ziyod muxlislarni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi.