Oʻzbekistonga elektromobillar importi ikki baravar oshdi

Oʻzbekistonda o‘z navbatida benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobillar importi sezilarli qisqargan.

O‘zbekistonga 2025-yilda elektromobillar importi ikki baravardan ko‘proq oshdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi maʼlumot berdi.

Yanvar—dekabr oylarida respublikaga umumiy qiymati 701 million dollarlik 56 832 dona elektromobil import qilindi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda mamlakatga 224,7 million dollarga 24 091 dona elektrda harakatlanuvchi avtomobillar olib kelingandi. Bunda jami yillik import hajmi ikki baravardan yuqori oshgan.

O‘z navbatida benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobillar importi sezilarli qisqargan. Masalan, 2025-yilda 19 871 ta benzinda yuradigan mashina olib kelingan. Bir yil avval bu raqam 32 912 donani tashkil etgan.

Eng katta qisqarish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan. O‘tgan yili chet eldan jami 3 017 ta gibridlar keltirilgan. 2024-yildagi ko‘rsatkich esa 17 480 ta bo‘lgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda 457,9 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgani xabar qilingandi. Bu 2024-yildagidan deyarli 29 mingtaga ko‘p.

Ma’lumot uchun, 2026-yilda O‘zbekistonda elektromobil xaridi uchun imtiyozli kreditlar berish rejalashtirilmoqda. Bunda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan elektromobillarni sotib olish uchun 12 foizli, xorijdan olib kelingan mashinalarga esa 16 foizli bank kreditlari ajratilishi mumkin. Birinchi bosqichda aholiga 41 mingta elektromobil xaridi uchun kredit berilishi kutilmoqda.