Oʻzbekistonda 30 yoshdan oshganlar yilda bir marta yurak tekshiruvidan oʻtkaziladi

2026-yil 1-maydan xalqaro dasturlar asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Joriy yilning 20-yanvar kuni Prezidentning “Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (PQ–20-son) qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-maydan xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (Milliy dastur) hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.Bu haqda "Xalq soʻzi" nashri veb sayti xabar berdi.

Milliy dastur doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi, jumladan:

• birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida yiliga 1-marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar oʻtkaziladi;

• tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarida tun-u kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

• xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;

• tez tibbiy yordam brigadalari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi.