Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi chorrahada YPX inspektorini mashina urib yubordi. Bu haqda poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, voqea bugun, 22-yanvar kuni soat 17:30 larda Mirzo Ulugʻbek tumani Shahrisabz-Mustaqillik shoh koʻchalari kesishmasida roʻy bergan. 26 yoshli A.X. “Lacetti” rusumli avtomashinasi yoʻnalishini keskin chapga oʻzgartirishi davomida chorraha markazida xizmat olib borayotgan YPX inspektorini urib yuborgan.
Yoʻl-transport hodisasi oqibatida jabrlanuvchiga shifokorlar tomonidan birinchi yordam koʻrsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.