Oʻzbekistondagi 4 ta oliygoh fanlar boʻyicha dunyoning eng nufuzli universitetlari TOP-1000 roʻyxatidan joy oldi. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Unda aytilishicha, Buyuk Britaniyaning nufuzli “Times Higher Education” reyting tashkiloti 2026-yil uchun “World University Rankings 2026 by Subject” – fanlar boʻyicha dunyoning eng nufuzli oliygohlar roʻyxatini eʼlon qilgan.
Roʻyxatdan 4 ta Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasasi, jumladan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti ilk marotaba fan reytingidan joy olgan.
Reytingga kirgan OTMlar va natijalar quyidagicha:
- “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining tabiiy fanlar, matematika va statistika – 301-400, shuningdek, muhandislik fanlari boʻyicha – 401-500;
- Oʻzbekiston milliy universitetining tabiiy fanlar, matematika va statistika fanlari boʻyicha – 801-1000;
- Toshkent davlat texnika universitetining tabiiy fanlar, matematika va statistika – 501-600, shuningdek, muhandislik fanlari boʻyicha – 801-1000;
- Toshkent axborot texnologiyalari universitetining taʼlim – 601-800, muhandislik – 801-1000, kompyuter ilmlari va dasturlash fanlari boʻyicha – 1001+.
Maʼlumot uchun, “Times Higher Education” fanlar boʻyicha jahon universitetlarini 11 ta asosiy yoʻnalish hamda 148 ta fan kesimida baholab boradi.