“Isuzu”ga ortilgan kunjara tagidan 15 ming quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari topildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.J. va boshqalar “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasiga ortilgan kunjara tagiga xorijda ishlab chiqarilgan umumiy bahosi 195 mln soʻmlik 2 turdagi 15 ming quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini yashirib olib kelayotgan vaqtida Pop tumani hududida ushlanib, ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.