Namanganlik suvsozlar sunʼiy intellekt asosidagi raqamli boshqaruvni joriy etishga kirishmoqda

Raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribalar oʻrganilmoqda.

16.01.2026 21:43 O'zbekiston 1222 ipaknews.uz

Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turgan Namangan viloyati delegatsiyasining xizmat safari doirasida suv taʼminoti sohasida sunʼiy intellekt va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribalar oʻrganilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Xususan, Xitoyning texnologik markazi hisoblangan Shenzhen shahrida joylashgan “Longgang Smart Center” ilmiy-amaliy markazida tajriba almashish ishlari olib borildi. Mazkur markaz bugungi kunda Shenzhen shahri infratuzilmasini real vaqt rejimida boshqaruvchi zamonaviy “aqlli shahar” platformasi hisoblanib, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida kommunal, transport, energetika hamda boshqa sohalarni muvofiqlashtirib kelmoqda.

Markaz faoliyati bilan tanishuv jarayonida namanganlik mutaxassislar tomonidan suv taʼminoti, kanalizatsiya va boshqa kommunal xizmatlarni sunʼiy intellekt orqali boshqarish boʻyicha jahonda qoʻllanilayotgan eng soʻnggi amaliy yechimlar oʻrganildi. Jumladan, suv tarmoqlaridagi nosozliklarni oldindan aniqlash, yoʻqotishlarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda xizmat koʻrsatish tezligini oshirishga qaratilgan raqamli texnologiyalar katta qiziqish uygʻotdi.