“Sirdaryo” chegara bojxona postiga “Z-Portal” rusumli zamonaviy inspeksion koʻrik majmuasi oʻrnatildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Natijada tashqi savdo yuklari ortilgan avtotransport vositalari harakati jadal boʻlgan ushbu bojxona postida oʻtkazuvchanlik sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, bojxona rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqt qisqarib, nazorat samaradorligi bir necha barobarga yuqoriladi.
— Avval “Rapiscan M-60” rusumli inspeksion-koʻrik majmuasidan foydalanib kelar edik, — deydi “Sirdaryo” chegara bojxona posti boshligʻi oʻrinbosari, mayor Sohibjon Soliyev. — Ushbu uskuna orqali bir kecha-kunduzda postdan oʻtadigan 400–450 ta avtotransport vositasidan oʻrtacha 45–50 tasinigina toʻliq bojxona nazoratidan oʻtkazish imkoniyati mavjud edi. Endi esa AQSHda ishlab chiqarilgan “Z-Portal” zamonaviy rentgen qurilmasi oʻrnatilishi natijasida post orqali mamlakatimizga kirib kelayotgan barcha avtotransport vositalari qisqa vaqt ichida samarali bojxona nazoratidan oʻtkazilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, “Sirdaryo” chegara bojxona postida rentgen qurilmalari yordamida 2025-yil davomida 26 ta holatda jami 6,5 milliard soʻmlik noqonuniy tovar-moddiy boyliklar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.