Qoʻqon shahrida turizm koʻchasida yoshlar tadbirkorlik tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda

Savdo shoxobchasida 20 turdan ortiq mahsulot xaridorlarga taklif etilmoqda.

17.12.2025 14:00 O'zbekiston 1129 ipaknews.uz

Farg‘ona viloyatining Qoʻqon shahridagi Istiqlol turizm koʻchasi 24/7 rejimida faoliyat yuritib, mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etishga qaratilgan turli madaniy va ijodiy tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda.

"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, shaharda rassomlar koʻrgazmalari, Lavanda bogʻi, shuningdek, madaniy-koʻngilochar dasturlar ushbu hududning jozibadorligini yanada oshirmoqda.

Bu jarayonda yoshlar faolligi ham alohida eʼtiborga molik. Yaqinda Qoʻqon shahar hokimligi koʻmagida Istiqlol turizm koʻchasida 2-son texnikumi oʻquvchilari tomonidan tabiiy matolardan qoʻlda tayyorlangan mahsulotlar savdosi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tashabbus oʻquvchilarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, shuningdek, kelajak faoliyati uchun amaliy tajriba toʻplashga xizmat qilmoqda.

Ustozlarning taʼkidlashicha, darsdan keyingi toʻgarak mashgʻulotlarida tayyorlangan oʻyinchoqlar, guldastalar va kiyim-kechaklar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik sayyohlar orasida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.

Ayni paytda savdo shoxobchasida 20 turdan ortiq mahsulot xaridorlarga taklif etilmoqda. Loyiha doirasida mahsulot turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, taʼlim muassasasining ishlab chiqarish ustalari tomonidan tayyorlangan turli uy-roʻzgʻor buyumlari ham savdoga qoʻyilmoqda.

Natijada oʻquvchilar har oy oʻrtacha 1–1,5 million soʻm miqdorida qoʻshimcha daromad olishmoqda. Bu esa yoshlar uchun bir vaqtning oʻzida ham taʼlim olish, ham mehnat qilish orqali oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.