Aholi xonadonlari va ijtimoiy sohani tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida metan “zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritiladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qoʻshni davlatdagi gaz tarmogʻida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sababli zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Xususan, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida tabiiy gaz bosimi pasayishini oldini olish maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda.
Taʼkidlanishicha, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini (maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shifoxonalar, oliy taʼlim muassasalari, issiqlik elektr stansiyalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash bosh vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Yuqoridagi amaliy harakatlar ham aynan shu maqsadda joriy etilmoqda.
“Bu zaruriy choralar vaqtincha boʻlib, gaz bosimini meʼyorga keltirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotganini maʼlum qilamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, holat haqida qoʻshimcha axborot beriladi.