Joriy yilning 26 noyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning YEXHT Raisining gender masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Saara-Sofiya Siren bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi. Xususan, qonunchilik va institutsional asoslarni takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, himoya va reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar haqida fikr yuritildi.
Saara-Sofiya Siren O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan gender siyosatini yuqori baholadi. U mamlakatimizda gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollar huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Ayniqsa, mamlakatimizda 14 ta hududda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar reabilitatsiya va moslashuv markazlarining ahamiyati alohida qayd etildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini, nodavlat tashkilotlarining faol ishtiroki va erkaklar hamda o‘g‘il bolalarning gender tenglikni taʼminlash jarayonlariga jalb etilishi muhimligi ham taʼkidlandi.
O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi faoliyatni chuqurlashtirish, ikki tomonlama platformalar orqali tajriba almashish va amaliyotni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.