Oʻzbekiston FIFA reytingida 5 pogʻona yuqoriladi

Osiyo terma jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston 5-oʻrindan joy olgan.

20.11.2025 10:26 O'zbekiston 1276 ipaknews.uz

 FIFA milliy terma jamoalarning noyabr oyi uchun yangilangan reytingi eʼlon qilindi. Oʻzbekiston onlayn jadvalda 5 pogʻona yuqorilagan. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri veb sayti xabar berdi.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi BAAda oʻtgan “Al Ain International Cup” tijoriy turnirida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa musobaqada 2 ta oʻyin oʻtkazib, ularning har ikkalasida gʻalabaga erishdi.

Bu natijalar “oq boʻrilar”ga FIFA reytingi uchun 9,69 ball taqdim etdi va jamoaning umumiy hisobi 1462,03 ochkoga yetdi. Buning evaziga, yangilangan reytingga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi avvalgi koʻrsatkichiga nisbatan 5 pogʻona yuqorilab, 50-oʻrinni egalladi.

Shuningdek, Osiyo terma jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston 5-oʻrindan joy olgan. Termamizdan yuqorida esa quyidagi jamoalar (mos ketma-ketlikda) joylashgan:

• Yaponiya — 18-oʻrin

• Eron — 20-oʻrin

• Janubiy Koreya — 22-oʻrin

• Avstraliya — 26-oʻrin.

Umumiy reytingda Ispaniya terma jamoasi 1-oʻrin, Argentina 2-, Fransiya esa 3-oʻrinda qayd etildi.