Sirdaryolik pedagog 8 soniyada 813 soatlik dars jadvalini tuzadigan dastur yaratdi

Loyiha “Xalqaro STEAM assambleyasi – 2026” doirasida “Matematika – eng yaxşi matematik va analitik yeçim” nominatsiyasida ğolib topildi.

— “Adolatli jadval” – maktab dars jadvalini avtomatik tuzadigan özbek tilidagi veb-ilova hisoblanadi, — deydi loyiha muallifi Avazbek Jalilov. — Foydalanuvçi faqat maşğulot vaqtlari, sinflar, fanlar, öqituvçilar va haftalik soatlar böyiça maʼlumot kiritsa, bas, dars jadvalini dasturning özi matematik model va algoritm yordamida tuzadi hamda Excelʼda faylga çiqaradi. “Adolatli jadval” dasturi tekin bölib, istalgan har bir maktabda undan foydalaniş mumkin. Ilovaning işlaş tamoyili matematik modelga asoslangan va u jadval tuzişni matematik optimallaştiriş masalasi sifatida hal qiladi Modelning buzilişi mumkin bölmagan qatʼiy şartlar va jadval sifatini ölçaydigan maqsad funksiyasidan iborat ikki qismi dars bilan boğliq barça jarayonlarni aniq belgilaydi va tartibga soladi.

“Adolatli jadval”ni işlatiş uçun maxsus dastur örnatiş şart emas: ilova kompyuterda ham, telefonda ham oddiy brauzer orqali oçiladi. Kiritilgan maʼlumotlar heç qayerga yuborilmaydi, faqat foydalanuvçining öz qurilmasida saqlanadi. Ilovadan foydalaniş ham oson. Maktabda mavjud bölgan Excelʼdagi dars taqsimoti faylini yuklaş kifoya. Ilova öqituvçilar, sinflar va fanlarni özi aniqlaydi, guruhlarga bölib ötiladigan darslarni bir vaqtga qöyadi. Öqituvçining metodik kuni yoki boşqa işi bölsa, uning band soatlari ham hisobga olinadi. “Jadvalni tuziş” tugmasi bosilgaç, bir neça soniyada tayyor jadval va uning sifat hisoboti çiqadi.

Tayyor jadvalni har bir sinf rahbari va fan öqituvçisi öziga tegişli qismini alohida Excelda fayl sifatida yuklab olişi mumkin. Fayllar rangli, qönğiroq vaqtlari va muallim ismi bilan, çop etişga tayyor holatda böladi. Ilovadagi “Jonli qönğiroq” oynasi esa hozir neçançi dars ketayotganini va qönğiroqqaça qança vaqt qolganini körsatib turadi.