11
11

Oʻzbekistonning haydovchilik guvohnomalari Germaniyada ham tan olinishi mumkin

Oʻzbekistonlik avtobus va yuk avtomobili haydovchilarini Germaniyada ishga joylashtirishni yengillashtirish, shuningdek, ularni Germaniya talablari asosida tayyorlash boʻyicha takliflar muhokama qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, agentlik rahbari oʻrinbosari Elyor Toshtemirov Germaniyaning «Global Talent Alliance» va «TSK Logistik» kompaniyalari vakillari bilan uchrashgan. Unda Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniyaning transport-logistika sohasida ishga joylashtirish masalalari koʻrib chiqilgan.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning milliy haydovchilik guvohnomalarini Germaniyada toʻgʻridan-toʻgʻri tan olish imkoniyatlarini tegishli idoralar bilan kelishish taklifi ilgari surilgan. Shuningdek, avtobus va yuk avtomobillari haydovchilarini ish beruvchilar talablari asosida tayyorlaydigan Oʻzbekiston–Germaniya qoʻshma haydovchilik maktabini tashkil etish rejasi muhokama qilingan.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va «Global Talent Alliance» oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Tomonlar, shuningdek, nomzodlarning viza rasmiylashtirish jarayonida duch kelayotgan muammolarini muhokama qilgan.

Migratsiya agentligi qoʻshma haydovchilik maktabini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va uni amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan.