11
11

Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti

Oʻzbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini taʼminlash boʻyicha Milliy dasturni amalga oshirish boshlanmoqda. Dasturni ishlab chiqish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi tomonidan muvofiqlashtirildi. Mazkur ofis dastur ijrosini ham muvofiqlashtirib boradi.

Dastur ishchi-xodimlarning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, tazyiq, zoʻravonlik va kamsitish holatlarining oldini olish, shuningdek, huquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan. Shu maʼnoda poytaxtimizda Milliy dasturni ishga tushirish yuzasidan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Dasturni amaliyotga joriy etish boʻyicha galdagi vazifalar davlat tashkilotlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish boʻyicha hamkorlar vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)ning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade, Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Artikova hamda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisining bosh koordinatori Nozimaxon Davletova esa ushbu tashabbusning ahamiyatiga toʻxtalib, — mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol boʻlishidan qatʼi nazar, institutlararo hurmatni shakllantirish mexanizmini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda meʼyorga aylanishi kerak. Oʻzaro hurmat madaniyati Yangi Oʻzbekistonimiz uchun sogʻlom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi, — dedi oʻz chiqishida.

Andumanda spikerlarning qayd etishicha, joriy yil dekabr oyiga qadar «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portali ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu portal orqali davlat tashkilotlari xodimlari qoidabuzarliklar haqida anonim tarzda xabar berishlari, vakolatli organlar esa murojaatlarning koʻrib chiqilishi va koʻrilgan choralarni kuzatib borishlari mumkin boʻladi. Dasturning muhim yoʻnalishlaridan yana biri mutaxassislarni oʻqitishga qaratilgan. Mamlakatimizning 14 ta hududida 700 nafar fasilitatorni tayyorlash rejalashtirilgan. Ular davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish hamda xavfsiz ish muhitini yaratish uchun masʼul boʻlgan 35 ming nafar xodimni oʻqitishni taʼminlaydi.

Ushbu anjumanda soʻz olgan BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazadening taʼkidlashicha, «Oʻzbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlarni ishlab chiqishda UNFPA yetakchi ekspertlik va texnik koʻmak koʻrsatganidan faxrlanamiz. Bugun qonunchilik darajasida qabul qilingan qarorlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichiga oʻtmoqdamiz. Maqsadimiz — ushbu oʻzgarishlarni tashkilotlar faoliyatida mustahkam qaror toptirish va har bir inson uchun yanada xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini yaratishga hissa qoʻshishdir».

Tadbir yakunida Boshqaruv samaradorligi agentligi va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat Milliy dasturni amalga oshirish, mutaxassislarni tayyorlash va xodimlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini joriy etish borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.